Toshkent sh, Olmazor tumani, Olimpiya MFY, Isteʼdod 1-uyDush-Shan · 08:00-18:00 · Statsionar 24/7
+998 55 517-10-03

Markaz tarixi

Markaz tarixi

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari.

Institutning tashkil topishi

Pediatriya ilmiy maktabining ildizlari

O‘zbekistonda 1927–1940-yillarda Onalik va bolalikni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi ishlarni boshqargan. 1940-yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti tarkibida pediatriya fakulteti tashkil etilgani sababli institut o‘z faoliyatini tugatdi. 1966-yilda Onalik va bolalikni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti qayta tashkil etildi.

Institutning ilmiy yo‘nalishi bolalar va onalarga davolash-profilaktika yordamini tashkil etish, onalar, perinatal va bolalar o‘limini kamaytirish, bolalarda hazm qilish a’zolarining o‘tkir va surunkali kasalliklarini oldini olish hamda bola organizmining fiziologik xususiyatlarini o‘rganishga qaratildi.

1969-yilda institut O‘zbekiston pediatriya ilmiy-tadqiqot instituti deb qayta nomlandi. Uning tarkibida akusherlik va ginekologiya bo‘limi saqlanib qoldi va shu bo‘lim negizida 1974-yilda O‘zbekiston akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Markaz tashkilotchilari

Ilmiy maktab asoschilari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 21-maydagi 145-sonli “Respublikada ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlarni tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori asosida Pediatriya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rnida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi.

  • N.I. Osinovskiy — professor.
  • M.A. Mirzamuxamedov — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor.
  • O.S. Maxmudov — professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori va bir qator xalqaro ilmiy tashkilotlar a’zosi.
  • T.O. Daminov — professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya Akademiyasining tibbiy-texnika fanlari bo‘yicha haqiqiy a’zosi.
  • Institutda (Markazda) 54 ta fan doktori va 150 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlandi.
Markaz tashkilotchilari

Markaz faoliyati

Bolalar salomatligi uchun uzluksiz xizmat

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini barpo etishda bolalarga tug‘ilganidan boshlab 18 yoshgacha bo‘lgan barcha davrlarda malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni uzluksiz nazorat qilish nazarda tutilgan. Markaz respublikada pediatriya xizmati bo‘yicha bosh muassasa hisoblanadi.

Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari pediatriya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, 13 ta hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, shuningdek, mamlakat hududlarida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha tashkiliy-uslubiy ishlarni amalga oshirishdan iborat.

Aholining malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olib, markaz faoliyati kengaytirildi va klinikaning yangi bo‘limlari, jumladan, chaqaloqlar patologiyasi, kardiorevmatologiya, nefrologiya, nevrologiya, bolalar xirurgiyasi hamda tug‘ma va orttirilgan LOR kasalliklari bo‘limlari ochildi.

Yildan yilga markazning moddiy-texnik bazasi rivojlanmoqda. Hukumat tomonidan ajratilgan mablag‘lar va xalqaro hamkorlik dasturlari doirasida markaz zamonaviy davolash-diagnostika uskunalari bilan jihozlandi. Bugungi kunda modernizatsiya qilingan markazda bolalarga yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatilmoqda.